Xotira — faqat insonlar haqida emas. Urush yillarida frontda faqat insonlar emas, hayvonlar ham jang qilgan. Ular minalarni topgan, xabarlar yetkazgan, yaradorlarni qutqargan va ba’zan inson qo‘lidan kelmaydigan vazifalarni bajargan. Millionlab insonlar hayotining saqlanib qolishida ana shu jonzotlarning ham ulkan hissasi bor edi…
To‘rt oyoqli qahramonlar

Ikkinchi jahon urushi yillarida itlar frontda eng ko‘p xizmat qilgan hayvonlardan biri bo‘lgan. Ular razvedka, mina qidirish, aloqa, sanitariya va qutqaruv ishlarida faol qatnashgan.
Asosiy statistik ma’lumotlar:
Sovet armiyasida urush yillarida 60 mingdan ortiq xizmat itlari bo‘lgan. Itlardan tashkil topgan 168 ta maxsus bo‘linma faoliyat yuritgan. Sanitar itlar front maydonlaridan 700 mingga yaqin yarador askarni topib, qutqarishga yordam bergan. Mina qidiruvchi itlar 4 milliondan ortiq mina va snaryadni aniqlagan. Ular Praga, Kiev, Varshava, Vena va Berlin kabi shaharlarni minadan tozalash ishlarida qatnashgan. Aloqachi itlar jang maydonida 120 mingdan ortiq muhim xabar va hujjatlarni yetkazgan. Itlar yotqizilgan telefon simlari orqali 8 ming kilometrga yaqin aloqa liniyalarini tortishda yordam bergan. Tankaga qarshi maxsus tayyorlangan itlar yuzlab nemis tanklarini yo‘q qilishda qo‘llangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ular 300 ga yaqin tankni ishdan chiqargan.

Chana toruvchi itlar ayniqsa qorli hududlarda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, 15 mingdan ortiq yuk ortilgan chanalarni tashigan. Germaniya, Britaniya va AQSh armiyalari ham minglab xizmat itlaridan foydalangan. Ular qo‘riqlash, razvedka va qutqaruv ishlarida qatnashgan. Urush yillarida minglab itlar halok bo‘lgan. Ular portlashlar, ochlik, sovuq va jang harakatlari qurboniga aylangan.
Nemis ovcharkasi Yulbars Ikkinchi jahon urushidagi eng mashhur xizmat itlaridan biri bo‘lgan. U 14-shturm muhandis-sapyor brigadasi tarkibida xizmat qilib, Chexoslovakiya, Avstriya, Vengriya va Ruminiya hududlarida 7468 ta mina va 150 dan ortiq snaryadni topgan. Vena soborlari va Praga qal’alarini minadan tozalashda ham qatnashgan. 1945 yilgi Qizil maydon paradida jarohati tufayli yura olmagan Yulbarsni kinolog Aleksandr Mazover qo‘lida ko‘tarib o‘tgan. Bu frontda xizmat qilgan jonzotga ko‘rsatilgan katta ehtirom edi.

Amerikalik Chips ismli it esa 1943 yil Sisiliyadagi jangda haqiqiy jasorat namunasini ko‘rsatgan. U yashirin pulemyot nuqtasiga yolg‘iz hujum qilib, nemis askarlarini taslim bo‘lishga majbur qilgan. Jarohatlangan bo‘lsa-da, u frontni tark etmagan.
Muhtor ismli sanitar it esa qariyb 400 nafar yarador askarni qutqargan. U qorli maydonlarda, o‘q yomg‘iri ostida insonlarni izlab topib, tibbiy yordam ko‘rsatuvchilarni ularga olib borgan. Shuningdek, Dina ismli xizmat iti ham tarixda qolgan. U diversiya ishlarida ishtirok etgan birinchi mashhur itlardan biri edi. 1943 yilda Dina temiryo‘ldagi nemis eshelonini portlatish operatsiyasida qatnashib, portlovchi moddani poezd ostiga tashlab qaytishga muvaffaq bo‘lgan. Natijada o‘nlab vagonlar portlab ketgan. Shotlandiyalik Judi ismli it esa dengiz floti ramziga aylangan. U kema halokatidan keyin tirik qolib, yapon lagerlarida asir tushgan britan askarlari bilan birga yashagan. Judi mahbuslarni xavf haqida ogohlantirgan va ularga suv topishga yordam bergan. Keyinchalik u harbiy asir sifatida rasman ro‘yxatga olingan yagona it bo‘lgan.
Smoki laqabli kichik yorkshir ter’eri esa frontda aloqa kabellarini tortishda ishtirok etgan. U tor quvurlar ichi orqali o‘tib, muhim kommunikasiya liniyalarini o‘rnatishga yordam bergan. Bu yuzlab askarlarning hayotini saqlab qolgan. Bu itlar bugun oramizda yo‘q. Ammo ularning sadoqati, jasorati va insonga bo‘lgan mehri tarixdan o‘chmaydi. Ular frontda na orden uchun, na shuhrat uchun xizmat qilgan. Ular shunchaki insonga ishongan edi.
Urushdagi eshaklar: G‘alabaning sokin mehnatkashlari
Ko‘pchilik eshaklarga istehzo bilan qarashga odatlangan, ularni qaysarlik va sustkashlik timsoli deb hisoblaydi. Ammo urush yillarida aynan shu hayvonlar ko‘pincha frontning haqiqiy qahramonlariga aylangan. Texnika botib qolgan, otlar esa og‘ir tog‘ yo‘llariga bardosh bera olmagan joylarda eshaklar deyarli almashtirib bo‘lmas yordamchi bo‘lgan. Ular 50–70 kilogrammgacha yuk ko‘tara olgan, tor va xavfli so‘qmoqlarda bemalol harakatlangan, chidamliligi hamda yem-xashakka talabchan emasligi bilan ajralib turgan.
Kavkaz va Qrimdagi janglar vaqtida eshaklardan iborat bo‘linmalar ham sovet, ham nemis qo‘shinlari tomonidan faol foydalanilgan. Eshaklar front chizig‘iga mina, snaryad, suv, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazgan. Ayniqsa, ular Malaya Zemlya hududida muhim rol o‘ynagan. Bu yerda tor va toshloq tog‘ yo‘llari ko‘pincha jangovar pozitsiyalarni bog‘lab turuvchi yagona yo‘l bo‘lgan. Mashinalar va aravalar o‘ta olmaydigan joylarda ham eshaklar oldinga yurishda davom etgan. Qizil Armiya tarkibidagi ayrim bo‘linmalarda eshaklardan yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun ham foydalanilgan. Ehtiyotkorligi va barqaror harakati tufayli ular tunda tog‘ yo‘llarida deyarli shovqinsiz yurib, dushmanga sezilmaslikka yordam bergan. Askarlar ularni ko‘pincha “frontning sokin qutqaruvchilari” deb atashgan.
Front qatnashchilari bu hayvonlarning yana bir ajoyib xususiyatini eslashgan — xavfni oldindan sezish qobiliyatini. Eshaklar ko‘pincha mina bo‘lishi mumkin bo‘lgan yoki ko‘chki xavfi mavjud hududlarga yurishdan bosh tortgan. Ba’zan aynan ularning mashhur qaysarligi askarlar hayotini saqlab qolgan.
Bugun eshaklarning jasorati haqida itlar, kabutarlar yoki otlarga qaraganda ancha kam gapiriladi. Ammo aynan shu hayvonlar urushning eng muhim “ko‘rinmas mehnatkashlari”dan biri bo‘lgan. Ularsiz tog‘li va borish qiyin hududlarda ta’minot yetkazish deyarli imkonsiz bo‘lardi. Demak, ko‘plab harbiy operatsiyalar butunlay boshqacha yakun topishi ham mumkin edi.
Urushdagi mushuklar
Ikkinchi jahon urushi haqida gap ketganda ko‘z oldimizga avvalo front, tanklar, samolyotlar va qirg‘inbarot janglar keladi. Ammo urushning yana bir jimjit ishtirokchilari bor edi — mushuklar. Ular orden olmagan, tarix kitoblariga katta harflar bilan kiritilmagan. Lekin millionlab insonlar hayotida ularning o‘rni beqiyos bo‘lgan.

Urush yillarida mushuklar frontda ham, front ortida ham insonlarga yordam bergan. Okoplar, gospitallar, omborxonalar, temir yo‘l bekatlari va hatto suvosti kemalarida mushuklar maxsus saqlangan. Buning sababi oddiy edi: kalamushlar urush paytida katta xavfga aylangan. Ular oziq-ovqat zaxiralarini kemirar, kiyim-kechak va hujjatlarga zarar yetkazar, eng xavflisi esa turli yuqumli kasalliklarni tarqatar edi. Mushuklar esa frontdagi “tirik himoyachilar” vazifasini bajargan. Ayniqsa, Leningrad qamali yillarida mushuklarning ahamiyati yanada kuchli sezilgan. 900 kun davom etgan qamal shahar aholisini ochlik va sovuq bilan yuzma-yuz qoldirdi. Odamlar tirik qolish uchun so‘nggi imkoniyatlarini ishlatgan. Shu davrda shaharda mushuklar deyarli qolmaydi va kalamushlar soni mislsiz darajada ko‘payib ketadi. Ular omborlarga hujum qilib, oziq-ovqat qoldiqlarini ham yo‘q qila boshlaydi. Kalamushlar hatto ko‘chalarda to‘da-to‘da bo‘lib harakatlangani haqida xotiralar saqlangan.
Vaziyat shu darajaga yetganki, urushdan keyin Leningradni qutqarish uchun maxsus qaror qabul qilinadi. Sibirdan to‘rt vagon mushuk shaharga olib kelinadi. Leningradliklar bu mushuklarni “miyovlovchi diviziya” deb atashgan. Ularning asosiy vazifasi omborlar, podvallar va muzeylarni kemiruvchilardan tozalash bo‘lgan. Ayniqsa, dunyoga mashhur Ermitaj muzeyini saqlab qolishda mushuklar katta rol o‘ynagan. Bugun ham Ermitajda o‘nlab mushuklar yashaydi va ular muzeyning norasmiy ramzi hisoblanadi.
Urush yillarida ba’zi mushuklar butun mamlakatga mashhur bo‘lib ketgan. Shulardan biri Londondagi Feyt nomli mushuk. 1940-yil sentabrida Germaniya aviatsiyasi Londonni bombardimon qilishidan bir necha kun oldin Feyt o‘z bolasini olib podvalga yashirinadi. Oradan ko‘p o‘tmay kuchli hujum boshlanadi va bino vayron bo‘ladi. Ammo mushuk bolasi bilan tirik qoladi. Keyinchalik Feyt hayvonlar uchun eng yuqori harbiy mukofotlardan biri hisoblangan Mariya Dikin medali bilan taqdirlangan. Medalda “Beqiyos jasorat uchun” degan yozuv bor edi.

Yana bir mashhur mushuk Saymon Britaniyaning “Ametist” harbiy kemasida xizmat qilgan. Uning vazifasi kemadagi kalamushlarni tutish bo‘lgan. Ammo Saymon oddiy “kema mushugi”dan ko‘ra ko‘proq narsaga aylangan. Kema Yanszi daryosida hujumga uchraganda Saymon og‘ir yaralanadi. Shunga qaramay, u tirik qolib, yana o‘z vazifasini davom ettiradi. Dengizchilarning xotiralariga ko‘ra, Saymon yarador askarlar yoniga kelib, ularga ruhiy tasalli bergan. Uning matonati ekipaj uchun katta ma’naviy kuch bo‘lgan. Keyinchalik Saymon ham Mariya Dikin medali bilan taqdirlangan. Urush haqidagi xotiralarda mushuklar bilan bog‘liq yana ko‘plab ta’sirli voqealar saqlangan. Kaluga viloyatida yashagan bir sibir mushugi haqidagi hikoya shulardan biri. Nemis askari uy sohibasiga hujum qilganida, Muska nomli mushuk ayolni himoya qilish uchun askarga tashlangan. U sohibasini himoya qilishga uringan va otib tashlangan. Bu voqea yillar o‘tsa ham odamlar xotirasida saqlanib qolgan.

Yana bir front xotirasida yarador sovet uchuvchisi tashlandiq tegirmonda yashirinib yotgani haqida hikoya qilinadi. Nemis askarlari tegirmonni tekshirish uchun kirganida, u yerdagi mushuklar to‘satdan hujum qilib, askarlarni qo‘rqitib yuborgan. Shu tariqa uchuvchi tirik qolgan.
Ocharchilik yillarida mushuklar ba’zan insonlarning tirik qolishiga ham yordam bergan. Chuvashistonlik bir ayolning xotirasida ularning mushugi kechalari qayergadir ketib, ertalab non va go‘sht bo‘laklarini olib kelgani aytilgan. Oila aynan shu oziq-ovqat bilan qishni o‘tkazib yuborgan. Urush nafaqat insonlar, balki hayvonlar taqdirini ham izdan chiqardi. Minglab mushuklar halok bo‘ldi, ayrim zotlar esa butunlay yo‘qolib ketdi. Ammo shunga qaramay, ular insonlarga sodiq qoldi. Ular qurolsiz, ovozsiz va jimjit qahramonlar edi. Balki shuning uchun ham urush haqidagi ko‘plab xotiralarda mushuklar alohida mehr bilan esga olinadi. Chunki dahshat, ochlik va o‘lim orasida inson qalbiga ozgina bo‘lsa ham mehr va tasalli bergan jonivorlar aynan ular edi.
Otlarning jasorati
Ikkinchi jahon urushi otlarning o‘rni beqiyos edi. Ular frontning ko‘rinmas, ammo eng ishonchli kuchlaridan biriga aylangan.

1939–1945 yillarda texnika jadal rivojlanganiga qaramay, ko‘plab armiyalar hali ham otlarga tayangan. Urush boshida Sovet armiyasida 526 mingdan ortiq ot bo‘lgan bo‘lsa, urush davomida frontda xizmat qilgan otlar soni qariyb 1,9 millionga yetgan. Germaniyaning Vermaxti esa “Sharqiy front”da 3 milliondan ortiq otdan foydalangan. Demak, urushni faqat tanklar emas, minglab tuyoqlar ham “tortgan”. Otlar artilleriya qurollarini tortish, o‘q-dori, oziq-ovqat va yaradorlarni tashishda asosiy vosita bo‘lgan. Ayniqsa botqoq, qorli va yo‘lsiz hududlarda texnika ojiz qolganda, otlar yagona qutqaruv kuchiga aylangan.

Og‘ir gaubisalarni ko‘chirish uchun odatda 6 ta otdan iborat upryajkalar ishlatilgan. Artilleristlar ayniqsa og‘ir yuklarni bemalol torta olgan vladimir og‘ir yuk otlarini qadrlagan.
Kavaleriya avvalgi urushlarga nisbatan ahamiyatini qisman yo‘qotgan bo‘lsa-da, Ikkinchi jahon urushi Sovet kavaleriyasining so‘nggi yirik urushi sifatida tarixda qoldi. Don va Kuban kazaklari o‘zlarining chidamli don otlarida jang qilgan. Kavkaz jigitlari kabardin otlarini, Markaziy Osiyodan kelgan chavandozlar esa axalteke otlarini afzal ko‘rgan. Sibirliklar kuznesk zotini yuqori baholagan. Urush yillarida SSSRga Mongoliyadan 500 mingdan ortiq chidamli mongol otlari yuborilgan. Ular qattiq sovuq, ochlik va og‘ir front sharoitiga moslashgani uchun ta’minot ishlarida katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Moskvada mongol otlariga bag‘ishlangan haykal ham o‘rnatilgan.

Ammo tarix haqiqati shundaki, g‘alaba uchun faqat bitta zot emas, turli mamlakat va zotlarga mansub millionlab otlar xizmat qilgan. Stalingrad jangida otlar yetishmasligi sabab hatto 350 ta yovvoyi tuya ham artilleriya va yuk tashish ishlariga jalb qilingan. Bu esa frontda jonivorlar qanday og‘ir vazifalarni bajarganini ko‘rsatadi. Urush yillarida 8 milliondan ortiq ot halok bo‘lgan. Ular ochlik, charchoq, kasallik va jang qurboniga aylangan. Ko‘pchiligi frontdan qaytmagan. Ular medal olmagan, ismlari tarix kitoblariga yozilmagan. Ammo g‘alaba yo‘lida insonlar bilan yelkama-elka xizmat qilgan.
Urushda_qatnashgan_qushlar
Ikkinchi jahon urushi haqida so‘z ketganda, odatda insonlar, tanklar, samolyotlar va qirg‘inbarot janglar yodga olinadi. Ammo bu urushda faqat odamlar emas, jonivorlar ham qatnashgan. Itlar minalarni qidirgan, otlar artilleriyani sudragan, mushuklar kemalarni kalamushlardan himoya qilgan. Qushlar esa frontda alohida o‘rin tutgan. Ular xabar tashigan, razvedkada ishtirok etgan va hatto dushman aloqasini buzish uchun xizmat qilgan.

Urush yillarida eng ko‘p foydalanilgan qushlar — pochta kabutarlari edi. Radioaloqa har doim ham ishonchli bo‘lmagan: simlar uzilgan, radiostansiyalar yo‘q qilingan yoki dushman signallarni ushlab qolgan. Ana shunday vaziyatlarda kichik kabutarlar frontning eng muhim “aloqachilari”ga aylangan. Ular maxsus kapsulalarga joylangan xabarlarni o‘nlab, hatto yuzlab kilometr masofaga yetkazib bergan.
Britaniya armiyasi Ikkinchi jahon urushi davrida 250 mingdan ortiq pochta kabutaridan foydalangan. AQSh armiyasida esa maxsus “Pigeon Service” xizmati tashkil qilingan. Kabutarlar razvedka ma’lumotlari, jang natijalari va yordam chaqiruvlarini yetkazgan. Ko‘p hollarda aynan shu qushlar sababli butun bo‘linmalar halokatdan qutqarib qolingan.

Urushning eng mashhur qahramon qushlaridan biri G.I. Joe nomli kabutar bo‘lgan. 1943 yilda Italiyada Britaniya qo‘shinlari bir qishloqni nemislardan ozod qiladi. Ammo bu haqda ittifoqchi aviasiyaga xabar berilmay qoladi va samolyotlar hujumga tayyorlana boshlaydi. Radioaloqa ishlamagani uchun yagona umid kabutarga qoladi. G.I. Joe xabarni juda qisqa vaqtda yetkazib, yuzlab askarlarni bombardimondan saqlab qolgan.
Yana bir mashhur kabutar Mary of Exeter edi. U bir necha marta yaralangan: uning qanoti singan, tanasiga o‘q parchalari tekkan. Shunga qaramay, u yana frontga qaytgan va xabar tashishda davom etgan. Britaniyada bu kabutar haqiqiy qahramon sifatida tanilgan. Frontda nafaqat kabutarlar, balki yirtqich qushlar lochinlar va qirg‘iylar ham qo‘llangan. Ular asosan dushman kabutarlarini tutish uchun xizmat qilgan. Chunki har bir ushlangan kabutar maxfiy ma’lumotning manzilga yetib bormasligini anglatardi. Britaniya harbiylari maxsus tayyorlangan lochinlarni harbiy portlar va strategik ob’ektlar atrofida uchirgan. Bu qushlar juda tez va chaqqon bo‘lgani uchun dushman kabutarlarini havoning o‘zida ovlay olgan. Ayrim manbalarda kemalarda qushlardan xavfni oldindan sezish vositasi sifatida ham foydalanilgani qayd etiladi. Masalan, ba’zi qushlar havodagi zaharli gazlar yoki xavfli o‘zgarishlarga tez reaksiya bildirgan.
Urush yillarida qushlar oddiy jonivor emas, balki haqiqiy front ishtirokchilariga aylangan. Ular insonlar bilan birga xavfli sharoitlarda xizmat qilgan, minglab hayotlarni saqlab qolgan. Ko‘pchiligi jang maydonlarida halok bo‘lgan bo‘lsa-da, ularning jasorati tarix sahifalarida saqlanib qolgan.
2004 yilda Londonda urushlarda halok bo‘lgan hayvonlarga bag‘ishlangan memorial ochildi. Unda otlar, itlar, tuyalar va boshqa jonivorlar tasvirlangan.

Yodgorlikda bitilgan so‘z esa insonni o‘ylantirmay qo‘ymaydi:
“Ularda tanlov yo‘q edi.”
Darhaqiqat, urushni insonlar boshlagan. Ammo uning og‘irligini hayvonlar ham insonlar bilan birga yelkasida ko‘targan. Otlar esa o‘sha urushning haqiqiy “jim qahramonlari” bo‘lib qolgan.
Nargis Qosimova
