1 077

13 YILLIK MUAMMO QACHON YECHIM TOPADI?

Buxoro viloyat Romitan tumanida barpo etilgan “Romitan dehqon bozori” MChJ binosi shu hududda istiqomad qiluvchi aholining savdo-sotiq bilan shug’ullanishi uchun zarur bo’lgan asosiy maskan hisoblanadi.

Shunday bo’lsa ham bu yerda sotuvchilar va ular iste’molga chiqarayotgan mahsulotlarning holati bo’yicha hech qanday chora ko’rilmagan: muzqaymoq, turli xildagi yaxna ichimliklar, qovurilgan baliq, tovuq, gumma, somsa kabi mahsulotlarning qo’lbola holatda tayyorlanishi, sut va sut mahsulotlari hamda non va non mahsulotlarining usti ochiq oddiy rastalarda sotilishi hamda sotuvchilarning sanitariya-gigiyena talablariga javob bera olmaydigan holatda ushbu mahsulotlarni iste’molga chiqarishi bo’yicha hech kim qiziqmagan. Shu holatlar bo’yicha xaridorlar: “Bu mahsulotlar antisanitariya holatida sotilayapti. Ammo biz asosan xaridni shu yerda amalga oshiramiz. Shu holat bo’yicha bozor mutasaddilari chora ko’rishsa, tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratib berishsa, biz xaridorlarga ham yaxshi bo’lardi”, deya fikr bildirishdi. Bozorning loyihasi tushirilgan hujjatda o’t o’chirish mashinalarining oson kirib-chiqishi uchun qulaylik yaratuvchi yong’in xavfsizligi yo’laklari chizib qo’yilgan, ammo bozor huddudida bunday yo’lakning o’zi mavjud emas. Bozor ahli iste’mol qilishi uchun qurib berilgan ichimlik suvi quvurining osti badbo’y loyqa hosil qilgan, shu o’rinda bir savol: bozorda yer osti quvur yo’li mavjudmikan? Shu masalalar bo’yicha “Romitan Dehqon bozori” MChJ rahbari Nurillayev Shavkatga murojaat qildik:

  1. Bozor hududida o’t o’chirish mashinalarining tezda kirib-chiqishi uchun imkon beradigan yong’in xavfsizligi yo’laklarining yo’qligi haqida nima deya olasiz?

-Bozorimiz hududida bunday yo’laklar mavjud.

Bizga shu yo’laklarni ko’rsata olasizmi

-Yo’q, ko’rsatmayman.

  1. bozor hududida yer osti quvur yo’lining mavjud emasligi haqida nima deya olasiz?

-Bozorda bunday yo’laklar mavjud.

  1. Bozor o’z nomi bilan dehqon bozori. Bu yerda dehqonlar uchun qanday sharoit yaratilgan?

-Bozorimizda o’rtacha hisobda 100 ta bo’sh rasta mavjud. Dehqonlar mana shu rastalarda o’z faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Xabaringiz bo’lsa, bozor hozir qayta rekonstruksiya qilinayapti. Biz bu rekonstruksiyada dehqonlar uchun yanada qulay bo’lgan sharoitlar, o’rinlar yaratib berishni rejalashtirganmiz.

(Shu so’zlarni aytar ekan Sh. Nurillayev bizga bozorning rekonstruksiyadan so’nggi ko’rinishi tasvirlangan suratni ko’rsatdi. Bu u kishining gaplarini tasdiqlovchi surat bo’ldi)

  1. Mana, suratda ko’rib turibmizki, bozorning old qismida hech qanday savdo faoliyati amalga oshirilmayapti. Bir paytalar bozorning shu qismidan o’z faoliyatini olib borayotgan tadbirkorlar “oldirildi”. Bozorning bu qismida savdo qilish mumkin emasligi sabab qilib ko’rsatilgandi. Lekin hozir boshqa tadbirkorlar kelib shu yerda savdo qilishayapti.  Nega ularga nisbatan hech qanday chora ko’rilmayapti?

-To’g’ri, avval shunday holatlar sodir bo’lgandi. Ammo prezidentimiz tadbirkorlarga hech qanday to’sqinlik qilmaslik, aksincha, ularga yanayam ko’proq sharoit yaratib berish kerakligini ta’kidlayaptilar. Biz bozorning old qismiga faqat do’kon egalariga o’z mahsulotlarini reklama qilishlari maqsadida ularni oldinga chiqarib sotishlariga ruhsat berganmiz.

  1. Bozor hududida turli xildagi yaxna ichimliklar, muzqaymoq, qovurilgan baliq, tovuq, gumma, somsa hamda sut va sut mahsulotlari, non va non mahsulotlarini sotish uchun tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratilamgan. Bu holatni qanday baholaysiz?

— Men rahbarlikka kelgunimga qadar bu yerning ahvoli hozirgichalik yaxshi emasdi. Aytmoqchi bo’lganim, hozirgi kunda bozorimiz ancha yaxshi suratlarda tartibga tushib kelayapti. Shu o’rinda tadbirkorlarga ko’p imkoniyatkar yaratdik: birinchi qilgan ishimiz, har bir mahsulot uchun alohida rastalar belgilab, tadbirkorlarni shu belgilangan yerlarga ko’chirdik. Sut  va sut mahsulotlari, non va non mahsulotlari, attorlik mollari, qishloq xo’jalik mahsulotlarining barchasi uchun alohida rastalar belgilandi va har bir mahsulot turi uchun alohida kunlik patta yig’imi amalga oshirildi.  Sut va sut mahsulotlari, non va non mahsulotlari va shu kabi boshqa mahsulotlarning noqulay sharoitda sotilishi bo’yicha veterenariya sanitariya ekspertiza laborotoriyasi (VSEL) xodimlari shug’ullanishadi. Qachonki, ular menga xat bilan chiqishsa, shundagina men bu tadbirkorlarga yetarli sharoit yaratib bera olaman, chora ko’ra olaman.

  1. Siz shu bozorning rahbari sifatida sodir bo’layotgan ushbu holatlarni ko’rib, bilib turibsiz. Shunday sababli VSEL xodimlariga xat bilan chiqishlari kerakligi haqida murojaat qildingizmi?

-Ha, chindan ham bu holatlardan xabardorman. Shuning uchun VSEL xodimlariga ko’p bor murojaat qilganman. Ammo ulardan darak yo’q.

  1. Yuqorida aytib o’tganingizdek, har bir mahsulot uchun alohida kunlik patta to’lovi amalga oshirilar ekan. Bozor hududidan kirib kelar ekanmiz, ho’l meva hamda poliz mahsulotlarining bir rastada sotilayotganining guvohi bo’ldik. Shu o’rinda bir savol: ho’l meva hamda poliz mahsulotlarini bir rastada sotish mumkinmi? Agar mumkin bo’lganda, shu holatda savdo qilayotgan tadbirkorlardan qanday patta to’lovi amalga oshirilishi kerak?

-Juda o’rinli savol bo’ldi. Har bir mahsulot turi uchun alohida patta to’lovi amalga oshiriladi, to’g’ri. Ammo tadbirkor bir turdagi mahsulotni sotish bilan chegaralanib qolmaydi. Chunki ular ham o’z harajatlarini qoplashi, oilasini boqishi kerak. Bunday holatda qanday patta to’lovi amalga oshirilishi haqida gapiradigan bo’lsam, bitta rastada har turdagi mahsulot uchun shu rastaning o’zida chegaralangan o’rinlar ajratib beriladi. Shundan kelib chiqib hisob-kitob qilinadi. Bu hisob-kitob bilan shaxsan o’zim shug’ullanaman.

Shundan so’ng Romitan tuman veterinariya sanitariya ekspertiza laborotoriyasi (VSEL) rahbari o’rinbosari Po’latov O’tkir bilan uchrashdik va u kishiga ham yuqoridagi savol bilan murojaat qildik.

O’. Po’latov:

-Bu savolingizni SESga taalluqli yeri bor va VSELga taalluqli yeri bor.

  1. Pishirilgan har qanday mahsulot SES nazoratida bo’lishi kerak.
  2. SES tashkiloti buyruq bilan o’z xodimini bozor hududiga biriktirib qo’yishi kerak. Hozir bunday xodimning o’zi mavjud emas.

III. Qishloq xo’jalik mahsulotlari, sus va sut mahsulotlari, tuxum, go’sht, to’liqroq aytadigan bo’lsam, har qanday xom mahsulot bizning nazoratimizdan o’tadi.

  1. Vazirlar mahkamasining 2019-yil 8-may kuni imzolangan 386-qarori mavjud. Bunga ko’ra VSEL faqatgina realizatsiya qilinadigan qishloq xo’jalik mahsulotlarining yaroqliligi bilan shug’ullanadi. Biz bozor rahbariga hech qanday xat bilan chiqishimiz shart emas. Bu qaror har bir tashkilotga yetkaziladi. Har bir rahbar bu haqida biladi, buni ularga aytishning ham hojati yo’q.
  2. Lekin shunday bo’lsa ham baribir xat bilan chiqqanmiz. Aytib bo’lmaydi: biror kor hol yuz bersa, tayoq bizning boshimizda sinishi mumkin.

Bu mahsulotlarning qulay sharoitda sotilishi uchun bozor direktori sharoit yaratib berishi kerak. Chunki tadbirkorlardan soliq olinadi, kunlik patta to’lovi amalga oshiriladi.

Qishloq xo’jalik mahsulotlari birga qo’yib sotilishi mumkin. Lekin go’sht va go’sht mahsulotlari, parranda, qo’y, mol, cho’chqa, baliq go’shtlari veterinariya talabiga ko’ra, asosan, alohida-alohida sotilishi kerak. Bizda hozircha qo’y, cho’chqa va baliq go’shtlari mavjud emas, ammo bozor ma’muriyati parranda go’shtini sotuvchi tadbirkorlarga hech qanday sharoit yaratib bermagani tufayli bu mahsulotlarni sotish uchun tadbirkorlarda joy yo’q.

Sut va sut mahsulotlari hamda parranda go’shti mahsulotlari uchun do’kon qurilgan edi, ammo ular sotib yuborildi.

Lekin biz parranda go’shtini iste’molga chiqaruvchi tadbirkorlar uchun muzlatgichlar tashkil qildik.

VSEL hodimi bilan bozorni bir boshidan tekshirib chiqar ekanmiz, sotuvchilarning sanitariya qoidalariga zid holatda o’z mahsulotlarini iste’molga chiqarayotganlarining guvohi bo’ldik. Ichimlik suvi quvuri ostida hosil bo’lgan badbo’y cho’kma to’g’risidagi rastalarda sut va sut mahsulotlari sotilayapti.

O’. Po’latov:

-Bozorning yer osti quvur yo’li ham mavjud emas. Mana bu ikkita do’kon sut va parranda go’shti mahsulotlari uchun mo’ljallangan edi. Bozorda do’kon ko’p, shunday bo’lsa hyam  bular oziq-ovqat sotuvchi tadbirkorlarga sotib yuborildi.

Non va non mahsulotlari, turli xildagi pishiriqlarni  sotuvchi hech bir tadbirkorning egnida na xalat, qo’lida na qo’lqobi mavjud. Mahsulotlar usti ochiq holatda sotilayapti.

Bu holatlar uchun sotuvchilarga tanbeh berayotgan Po’latov O’tkirga ular quyidagicha javob berishdi:

-Bularning ustini yopish uchun maxsus oynali qolip mavjud edi. Ammo rastalar ustiga narsa qo’yish mumkin emas, deb ularni bozor direktorining o’zi oldirib tashladi. Men ham nima qilay?! Axir patent topshiraman, tok uchun pul beraman – bularni sotishim, oilamni boqishim kerakmi?!!!

O’, Po’latov:

-Ko’rib turganingizdek, bu muammolarning hammasi borib, bozor direktoriga taqaladi. Bu tadbirkorlarning xalat va qo’lqopda bo’lishini esa aslida SES xodimlari nazorat qilishi kerak, ammo biz ham doimiy tekshirib, ogohlantirib yuramiz.

***

Ertasi kuni – 6-avgust sanasida bozor hududida bemalol harakatlana oladi, degan ma’noda o’t o’chirish mashinalari chaqirtirildi. Afsuski, bu mashinalarning bozorning ichki qismiga kirishga qurbi yetmadi. O’zi o’tishi kerak bo’lgan yo’laklarni o’t o’chiruvchilar (sotuvchilar, ularning mahsulot va asboblaridan) tozalab, yo’ldagi turli toshlar va devorlarga payvand qilib birilktirilgan ba’zi temir anjomlarni o’zlari olib, keyin shu yo’lakdan o’tishdi.

Shu prafilaktika ishlari jarayonida Romitan tuman davlat sanitariya nazorat markazi ovqatlanish gigiyenasi bo’limi mutaxassisi Komil Nazarovni uchratib qoldik. U kishiga ham yuqoridagi savollar bilan murojaat qildik.

K.Nazarov:

-Biz bu mahsulotlarni tashqariga chiqarib sotishlari uchun hech qanday ruhsatnoma bermaganmiz. Ogohlantirish xati berganmiz. Qanday qilib ruhsatnoma beraylik? Axir bu holatda sotishning o’zi mumkin emas…

Ammo bizda hozir bularga nisbatan chora ko’rish uchun hech qanday vakolat yo’q. Men  bu antisanitariya holatida savdo qilayotganlar uchun bemalol jarima sola olaman, ammo bizni har 10 kunda prokratura tekshirib boradi. Nimaga tadbirkorga jarima solding deydi, tadbirkor ham qo’lidagi savdo qilish uchun o’rin ajratib berilganligi haqidagi hujjat (patent) bilan kirib keladi.

Tasavvur qiling, siz bir ko’prikdan o’tishingiz kerak, ammo o’sha ko’prikning o’rtasida bir it turibdi. Siz u ko’prikdan yo o’tmaysiz, yo majburligingizdan qo’rqib o’tasiz. Ikkinchi kun qarasangiz, yana shu holat, siz bu safar biroz qo’rqmay o’tasiz, chunki kecha it sizga tashlanmagandi. Uchunchi kun o’sha it yana ko’prik ustida yotgan bo’ladi, bu safar siz bu itni tepib o’tib ketasiz. Hozir ham bizda shunaqa holat, tadbirkorlar o’zi xohlagan holatda ishini qilaveradi, ogohlantirish berasiz, ketganingizdan keyin yana o’zi xohlaganday savdo qiladi. Jarima solay desangiz, qo’lidagi bir parcha qog’ozi bilan keladi. Qarabsizki, siz siyosatga qarshi harakat qilayotgan bo’lib chiqasiz. Men ularga xalat, qo’lqob kiyinglar, deb har doim aytaman, ammo ular bunga ikki soatgina amal qilishadi yoki umuman amal qilishmaydi.

Yana bizning eng og’riqli nuqtamiz yerto’lalarimizdir. Bularning hech biri oshxonalarni ishga tushirish uchun mo’ljallanmagan. Bular do’konlarning omborxonasi vazifasini bajarishi kerak aslida. Oshxonani yuritish uchun, qonun-qoidaga asosan, beshta xonasi mavjud bo’lgan kattaroq bino qurib berilishi kerak. Bu bechora tadbirkorlar ham nima qilsin: katalakday yertolalarda tutun, yog’ning hidiga chiday olmaganidan mahsulotlarini tashqariga chiqarib pishirishga, sotishga majbur bo’lishadi. Biz buning uchun hech qanday ruhsatnoma bermaymiz, chunki bu holatda sotishning o’zi mumkin emas.

Shu masalalr bo’yicha vazirlikka murojaat qilsangiz bo’ladi-ku

-Aytyapman-ku, siyosatga qarshi chiqqanlikda ayblab, ko’pikni ag’darib, o’zimning ustimga to’kishlari mumkin. Endi bu siyosat, u doim o’zgaruvchan. Hali vaqt o’tishi bilan yana o’zgaradi ham, balki shunda yana vakolatlarimiz berilar. Bu haqida bir nima deb bo’lmaydi.

Sut va sut mahsulotlariga keladigan bo’lsak, bozorda yengil tipda qurilgan, shihsa bilan o’ralgan ikkita do’konni shu mahsulotlarni sotish uchun berilsin, degan taklif bilan chiqqanmiz, ammo nima bo’ldi-nima qo’ydi, xuddi bozorda boshqa do’konlar qurib qolganday ikkala binoni ham oziq-ovqat sotuvchichilariga sotib yuborishdi. Sut mahsulotlari yana rastalarda qolib ketdi.

***

SES xodimi bilan bo’lgan suhbatdan so’ng yana bozorning ichki qismiga yo’l oldik.

Shu  kuni hokim tashrif  buyurayapti deb barcha sotuvchilarni ichkariga kirgizishdi. Sotuvchilardan har kuni ichkariga kiringlar deyishadimi, deb so’radik, shunda ular:

-Yo’q, bugun shunday qilishayapti. Hatto, nimaga bunday qilayotganlarini ham bilmaymiz. Biz ham kiyim-kechaklarimizni do’konimizdan tashqarida chiqarib sotishni also istamaymiz, ammo yoymachilarning dastidan shu holatda sotishga majbur bo’lamiz. Bizga ham yoqmaydi har kuni bularni kirgiz, yana qaytib chiqar… Salqingina do’konimizning ichida savdo qilgimiz keladi. Yoymachilar kiyimlarni keltirib, 6 so’mdan sotishadi, biz ham 6 so’mdan sotamiz, ammo biz 640 so’mlik soliq to’laymiz, ular 240 so’m to’lashadi. Yana do’kondan tashqarida chiqarib sotganimiz uchun qo’shimcha kunlik patta to’lovini ham amalga oshiramiz. Do’kon uchun ijara haqqi to’laymiz… Bizga uch tomonlama chiqim bo’lib ketadi. Keyin biz o’sha mahsulotni 7 so’mdan sotishga majbur bo’lamiz. Keyin xaridorlar ham bizdan kiyim-kechak sotib olishmaydi-da yoymachilarning oldiga borishadi. Axir biz ham oilamizni boqishimiz kerak-ku!!! Bozorda 300 ga yaqin bo’sh do’konlar mavjud. Nega axir yoymchilarga shu do’konlardan joy berishmaydi? Biz bu masala bo’yicha bozor ma’muriyatiga ham, hokimiyatga ham, prokraturaga ham xat bilan chiqqanmiz. Ammo shundan so’ng yoymachilar yana bir kundan keyin o’z ishini boshlab ketishdi. Hatto, bozor ma’muriyati ataylab qilgandek bozrning darvozasi ostiga “RASPRODAJA” deb yozilgan plakatni chiqarib qo’yishdi. Bu masalalar bo’yicha katta-katta tashkilotlargacha chiqqanmiz ,ular hech qanday chora ko’ra oishmadi, sizlar ham buni shundayligicha qoldirasizlar, aniq bu.

Biz bu tadbirkorlardan faqt haqiqatnigina gapirishni va bizga ishonishlarini so’rab, yo’limizda davom etdik.

Savdo majmuasining orqa tomonida noqonuniy tarzda yengil tipdagi yangi do’konlar qurilayot ekan. Ma’lumotlarga qaraganda, bu do’konlarning o’rnida katta ayvon hamda yangi qurilgan rastalar mavjud bo’lgan. Bu rastalarda dehqon va tadbirkorlar taxminan 2-3yil savdo faoliyati bilan shug’ullanishgan. Ular ikki yil oldin qandaydir sabablarga asosan buzildi va bu rastalar o’rniga  200 dan ortiq do’kon bo’sh holatda bo’lishiga qaramay yana do’konlar qurila boshlandi. Bu do’konlar hozir ham qurilayapti va tadbirkorlarga sotilayapti. Vaholangki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-iyuldagi PQ 3037-sonli qarori tahriridagi O’R QHT 23-son, 457-moddasiga muvofiq:

“Bozorning hududida (qonun hujjatlariga muvofiq dehqon (oziq-ovqat) bozorlari hududida zamonaviy savdo komplekslarini qurish uchun yer uchastkalarini ajratish istisno qilingan holda) yer uchastkalari ajratib berilishiga, shuningdek bozorga tegishli ko’chmas mulk obyektlarini jismoniy va yuredik shaxslarga mulk qilib topshirilishiga yo’l qo’yilmaydi”, deb belgilab qo’yilgan.

Shu masala bo’yicha Sh. Nurillayev:

-Bu do’konlarni sotishga hokimimiz ruhsat berdilar. Bundan tashqari, Prezidentimiz tadbirkorlarga ko’proq sharoit yaratib berishimiz kerkaligini aytmoqdalar, deb jabob berdi.

Bundan ham achinarlisi, bu do’konlarning poydevori armatura u yoqda tursin, hatto sement va shag’al aralashmasi bilan ham to’ldirilmadi. You Tube kanalida ularning osti axlat bilan to’ldirilganligi aks ettirilgan video-lavha ham tarqaldi.

Bozorning o’zi biror bir korxona tomonidan qabul qilib olinmagan (VOD bo’lmagan). Ammo bozor hududining xohlangan yerida do’kon qurib, ularni sotishayapti.          Bundan tashqari, bu yerda mashinalar turar joyi ham talabga javob bermaydi: na bir shlakbaun mavjud, na yeri asvalt qilingan. Shunday sharoitda ham haydovchilardan pul olinadi. Bozorning orqa qismida poliz mahsulotlarini sotuvchi tadbirkorlar uchun ham sharoitlar yetarli emas:

“Yonimizda chalchiq hosil bo’lgan, uning hidiga chidab bo’lmaydi. Ko’p bor ma’muriyatimizga murojaat qildik, befoyda. Har kuni changda savdo qilamiz, hech kim suv ham sepmaydi. O’zmiz supirib, o’zimiz suv sepib o’tiramiz. Mana, mashinamizning yonida axlat uyulib yotibdi, hech kim bularni olib ham ketmaydi, e’tibor ham berishmaydi. Lekin shunda ham kunlik patta yig’imini amalga oshirishadi”, deydi sotuvchilardan biri. Darhaqiqat, bu yerda sotuvchilar uchun 6×6 o’rinlar ajratib berilishi kerak, sharoitlar yetarli bo’lganda patta to’lovi amalga oshirilsa, o’rinli bo’lmasmidi?

Bozorning proyekti bilan uning real hayotdagi ko’rinishi butunlay farq qiladi: proyektda bozor omborxonasi uning ikkinchi hojatxonasi yonida qurilishi kerakligi chizib ko’rsatrilgan. Ammo bozorda na ikkinchi hojatxona va na omborxona mavjud. Bozorning o’z omborxonasi yo’qligi tufayli ham tadbirkorlar barcha mahsulotlarini o’z rastalari osti va ustiga berkitib, yopib ketishga majbur bo’lishadi;

Proyektda zinalar ko’rsatilgan, ammo bozorning o’zida bu zinalar o’rniga yana do’kon qurilgan va sotilgan;

Proyektda avtoturargoh joyi chizib qo’yilgan bo’lsada, bozorda bunday yerning o’zi mavjud emas;

Bozorning qonuniy chizmasi va asl holati bir-biridan butunlay farq qiladi. Buning o’zi bitta alohida mavzu.

O’sha kuni bozordagi transformator to’satdan yonib ketdi. Bu haqidagi surat va video lavhalar ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ammo yangi tarnsformator uchun mablag’ni tadbirkorlardan so’rashdi. Bundan tashqari, bozorning qayta rekonstruksiya uchun ham tadbirkorlarning mablag’lari sarflangan: oyoq ostidagi kafellar va rastalar qayta ta’miri uchun tadbirkorlardan pul terib olingan.

Ammo O’zbekiston raspublikasi Prezidentining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo’llabb-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to’g’risida”gi (PF-5780) farmoniga ko’ra: Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shahar hokimliklariga quyidagilar taqiqlanadi:

  • Tadbirkorlarni o’z faoliyatidan tashqari, shu jumladan, homiylik, xayriya yordami ko’rsatish, hududlarni obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish, temir-tersak va makalatura yig’ish ishlariga majburiy jalb qilish;
  • Tadbirkorlarni qishloq xo’jaligigdagi mavsumiy ishlarga (ekish va yig’ib olish) va mehnat resurslari, pul mablag’lari va boshqa moddiy boyliklarni yo’naltirish bilan bog’liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;
  • Tadbirkorlar ishtirokida majburiy tartibda, shu jumladan ularga nisbatan ma’muriy va boshqa chiralarni qo’llash tahdidi ostida yig’ilishlar va boshqa tadbirlarni o’tkazish.

Endi o’ylab ko’ring, qaysi odam o’zi pul berib, qurib olgan yerida dehqonlar kelib savdo qilishiga yo’l qo’yadi? Bozorning derektori esa dehqonlar uchun sharoitlar yetarliligi haqida bemalol gapirdi. Agar dehqonlar uchun sharoit yetarli bo’lsa, nega ular rastalardamas, cheng yerlarda savdo qilishayapti?

Eng qizig’I bu holatlar 13 yildan beri davom etib kelayapti…

Biz bu mavzuga yana qaytamiz…

Shohnigorbegim JO’RAYEVA

 

 

Улашинг: